Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida bank-moliya sohasiga daxldor bir qator yangi tashabbuslar maʼlum qilindi. Ularning asosiy qismi yoshlarning kasb o‘rganishi, tadbirkorlikni boshlashi, ish bilan taʼminlanishi va startaplarini moliyalashtirishga qaratilgan.
Eng muhim yangiliklardan biri — «kasb vaucheri» tizimi joriy etiladi. U foizsiz ssuda shaklida beriladi va har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari qoplab beriladi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshga xususiy o‘quv markazlarida bepul kasb o‘rganish uchun vaucher taqdim etiladi. Bu maqsadlar uchun shu yilning o‘zida 120 milliard so‘m ajratiladi.
Endilikda o‘quv markazi qurib, yoshlarga kasb va til o‘rgatish istagidagi tadbirkor yoshlarga yer va davlat obyektlari imtiyozli narxda auksion orqali beriladi. To‘lovni 5 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, o‘quv markazini qurish va jihozlash uchun kredit stavkasining 7 foizi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Prezident oliygoh bitiruvchisini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun ham muhim soliq imtiyozi eʼlon qildi. Unga ko‘ra, bir yil davomida daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.
Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash ham yangi bosqichga chiqadi. «Yoshlar mini-franshizasi» dasturi orqali imtiyozli shartlarda yer va kreditlar ajratiladi, mahalliy brend franshizasini olgan yoshlarga esa 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Prezident tashabbusi bilan Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha «aql markazi» sifatida belgilandi. Shuningdek, Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi yuqori salohiyatli loyihalarga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi. Bu tizim orqali kamida 300 ming yoshning o‘z biznesini boshlashi uchun imkoniyat yaratilishi qayd etildi.
Startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha ham yangi vazifalar belgilandi. Har bir vazir va hokim kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘armasi tashkil etadi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi biznes, IT va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi 100 ta eng yaxshi loyihaga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
Yana bir muhim yangilik — «Mening birinchi kompyuterim» dasturi ishga tushiriladi. Unga ko‘ra, ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshga noutbuk xarid qilish xarajatining yarmi qoplab beriladi, qolgan qismi uchun esa 3 yil muddatga foizsiz ssuda ajratiladi.



