Angren shahar hokimligida “Angren elektro prom” MCHJ, Mahalliylashtirish markazi hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Xin Mining Technology Co., Ltd” kompaniyasi vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-martdagi 159-sonli qarori hamda ekoplatforma imkoniyatlari yuzasidan tushunchalar berildi. Shuningdek, kon-metallurgiya korxonalari tomonidan import qilinayotgan va mahalliylashtirish imkoniyati mavjud mahsulotlar bo‘yicha maʼlumotlar taqdim etildi.
Muzokaralar natijasida “Angren elektro prom” MCHJ va “Xin Mining Technology Co., Ltd” o‘rtasida Angren MIZ hududida payvandlash materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati 5 mln dollarlik kelishuv imzolandi.
Loyiha doirasida:
— zanglamas payvandlash elektrodlari, payvandlash simlari va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi;
— yillik ishlab chiqarish quvvati 4000 tonnaga yetkaziladi;
— 80 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mazkur ishlab chiqarish korxonasini 2027-yil yanvar oyida ishga tushirish kelishildi.






