Mahalliylashtirish markazi mutaxassislari tomonidan Andijon viloyatida joylashgan “SDK Group” MCHJ korxonasiga amaliy tashrif amalga oshirildi. Mazkur tashrif doirasida korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik uskunalari va joriy mahsulot liniyasi bilan batafsil tanishildi.
“SDK Group” MCHJ bugungi kunda mashinasozlik, metallni qayta ishlash va sanoat ehtiyot qismlari ishlab chiqarishda faoliyat yuritayotgan yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Mahsulotlar sifat jihatdan zamonaviy talablarga javob berishi, ishlab chiqarish jarayonlarining avtomatlashtirilganligi va eksport salohiyati tashrif ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv davomida tomonlar strategik hamkorlik, kooperatsion aloqalarni mustahkamlash va ayniqsa, tog‘-kon, neft-gaz va og‘ir sanoat tarmoqlari uchun zarur detallar va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalarini muhokama qilishdi.
“SDK Group” MCHJ’ning imkoniyatlari va zamonaviy texnologiyalar asosidagi yondashuvi kelgusida ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda sanoat klasterlarini shakllantirishda muhim o‘rin tutishi mumkin.
Tashrif yakunida hamkorlik istiqbollari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi va yaqin kelajakda qo‘shma loyihalarni boshlash bo‘yicha rejalar belgilandi.


