«Olmaliq KMK» AJda reniy metali ishlab chiqarilmoqda

HomeYangiliklar«Olmaliq KMK» AJda reniy metali ishlab chiqarilmoqda

«Olmaliq KMK» AJda reniy metali ishlab chiqarilmoqda

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati olimlari va mutaxassislarining uzoq yillik izlanishlari natijasida 2021-yilda reniy metalli 99,9% sof holda olingan edi. Mazkur nodir metall Mis eritish zavodida tayyorlanadigan perrenat ammoniydan olinib, jarayon vodorod tiklash usuli bilan amalga oshirildi.

Kombinat biznes rejasiga ko‘ra, 2025-yilda ushbu mahsulotni sanoat miqyosida ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda O‘zbekiston texnologik metallar kombinatida reniyni ishlab chiqarish bo‘yicha uchastka tashkil etilib, Germaniyaning eng zamonaviy texnologik uskunalari o‘rnatildi. Reniy xom ashyosi Mis eritish zavodi va mahalliy sanoat korxonalaridan keltirilmoqda. OKMK tomonidan endi yiliga 3 tonna reniy ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun: Reniy Mendeleyev davriy jadvalida 75-o‘rinni egallab, o‘ziga xos noyob fizik-kimyoviy xossalarga ega va ko‘plab sohalarda qo‘llaniladi.

Eng zich va qattiq metallardan biri bo‘lgan ushbu metall neftni qayta ishlash sanoatida katalizator tayyorlashda asosiy komponent hisoblanadi. Aviasozlik, elektrotexnika sohalarida detallar uchun asosiy element sifatida foydalaniladi.

Yadro sanoatida esa ushbu metalldan termoparalar tayyorlashda foydalanilib, bu reaktorda yuqori haroratni o‘lchash imkonini beradi.

Shuningdek, tibbiyotda turli og‘ir xastaliklarni davolashda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlaridagi maxsus uskunalarni tayyorlashda qo‘llaniladi.

Zargarlikda esa ushbu nodir metalldan qimmatbaho buyumlarni bezash uchun qoplama sifatida foydalaniladi.

Jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan reniy metalining bugungi kunda o‘rtacha narxi qariyb 2000(1 kg) dollarni tashkil etadi.

Manba

Scroll to Top