Bu yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar hisobiga quvvatlar bundan ham oshadi.
Dunyoda ham mazkur xomashyoga bo‘lgan talab kundan kunga ortib borayotgani ta’kidlandi. Chunki mis bugungi kunda sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanib bo‘ldi.
“Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi. Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik”,
– dedi Prezidentimiz.
Misol uchun, “Yoshlik-1” koni. Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik “Bu konni o‘zlashtirish qiyin, imkoniyatimiz yetmaydi, eplay olmaymiz” deb o‘ylardi. Vaholanki, joriy yilning o‘zida ushbu kondan 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.





